Xabaringiz bor, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya 2025-yil 22–29-dekabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitishda sun’iy intellekt vositalarini qo‘llash” mavzusiga bag‘ishlangan qisqa muddatli xalqaro treningda ishtirok etmoqda.
2025-yil 25-dekabr kuni delegatsiya JYD Technologies kompaniyasida tashkil etilgan “Ta’limda raqamli imkoniyatlarni kengaytirishning eng so‘nggi qo‘llanmalari” mavzusidagi ma’ruzada qatnashdi. Mazkur ma’ruza davomida raqamli o‘qitish va o‘rganish jarayonidagi yangi tendensiyalar, zamonaviy texnologik yondashuvlar hamda ularning ta’lim amaliyotiga joriy etilishi bo‘yicha muhim ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, trening dasturi doirasida delegatsiya Zhongguancun Internet Markazi hamda FLTRP Onlayn Ta’lim Texnologiyalari Co., Ltd. kompaniyalariga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar Xitoyning innovatsion ekotizimi, sun’iy intellektga asoslangan ilg‘or raqamli ta’lim yechimlari va ularni xorijiy tillarni o‘qitishda qo‘llash tajribasi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.