Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz filologiyasi fakultetida an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Freshmen Battle” musobaqasining final bosqichi boʻlib oʻtdi
Mazkur musobaqani universitet rektori I. Tuxtasinov ochib berib, barcha ishtirokchi jamoalarga omad va muvaffaqiyat tiladi. Tadbir davomida talabalarning ingliz tilidagi bilimlari, ijodiy yondashuvi, sahna madaniyati hamda jamoaviy ishlash koʻnikmalari namoyon boʻldi.
“Freshmen Battle” musobaqasi doirasida har bir guruh tasodifiy tanlangan mamlakatning milliy urf-odatlari, madaniyati, an’analari va turmush tarzini ingliz tilida taqdim etishdi. Ishtirokchilar oʻz chiqishlarida sahna koʻrinishlari, milliy obrazlar, badiiy chiqishlar va qiziqarli taqdimotlar orqali tomoshabinlar e’tiborini qozonishga harakat qilishdi.
Maʼlumot uchun, musobaqaning yarim final bosqichi avvalroq oʻtkazilgan boʻlib, bugungi finalda 8 ga yaqin jamoa oʻzaro bellashdi.
Final quyidagi shartlar asosida tashkil etildi:
1-shart introduction — jamoalarning 5 daqiqalik tanishtiruv chiqishlari;
2-shart zakovat sharti — ishtirokchilarning ingliz tili, madaniyat va umumiy bilimlar boʻyicha savollarga javob berish bosqichi;
3-shart sahna koʻrinishi — tanlangan mamlakat madaniyati va an’analariga bagʻishlangan ijodiy chiqishlar.
Yakuniy natijalarga koʻra:
Oliy oʻrin — FING-2519 guruhi (Oʻzbekiston)
1-oʻrin — FING-2507 guruhi (Ispaniya)
2-oʻrin — FING-2525 guruhi (Angliya)
3-oʻrin — FING-2515 guruhi (Hindiston)
Shuningdek, quyidagi nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi:
“Eng quvnoq qiz” nominatsiyasi — Ne’matjonova Shahnoza
“Eng quvnoq yigit” nominatsiyasi — Abdumalikov Muhammadqodir
Musobaqa talabalarning xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirish, jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda turli xalqlarning madaniyatiga hurmat ruhini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
2026-05-15 12-15