16-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 3-fakulteti 1-bosqich talabalari uchun muhim tushuntirish tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning mazmun-mohiyatini keng yoritishga bag‘ishlandi.
Tadbirda Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor, o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, fakultet dekani, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda 1-bosqich talabalari faol ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida davlat grantlari ajratish tartibi, ularni qayta taqsimlash mexanizmlari hamda asosiy mezonlar batafsil tushuntirildi. Xususan, to‘liq va to‘liq bo‘lmagan davlat grantlari, qo‘shimcha davlat granti, shuningdek oliy ta’lim muassasasi grantlari o‘rtasidagi farqlar aniq misollar asosida izohlandi.
Shuningdek, grant ajratish jarayonida ishtirok etuvchi tegishli komissiyalar faoliyati, talabalar tomonidan ariza topshirish tartibi, zarur hujjatlar hamda belgilangan muddatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib, grant tizimi va ta’lim jarayoniga oid muhim jihatlar yuzasidan aniq tushunchaga ega bo‘lishdi.