Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida “Bitiruvchi-2025” oqshomi oʻtkazildi
Dastur avvalida OʻzDJTU rektori boshchiligidagi prorektorlar va bitiruvchi talabalar maxsus kiyimlarda sahnada namoyon boʻlishdi.
Soʻng rektor Ilxomjon Toʻxtasinov tadbirni bitiruvchilarga bagʻishlangan joʻshqin va ta’sirli nutqi bilan ochib berdi. Shuningdek, Uchtepa tumani hokimi oʻrinbosari tomonidan ham iliq niyatlar bildirilib, taqdirlash marosimiga start berildi.
Dasturda har bir fakultetdan faol bitiruvchilar “Eng yaxshi ijodkor”, “Eng yaxshi tashabbuskor”, “Eng yaxshi innovator”, “Eng yaxshi sportchi” va “Eng yaxshi yetakchi” nominatsiyalari boʻyicha taqdirlandi. Ularga maxsus statuetka, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi. Tadbirga bitiruvchi-talabalar ota-onalari ham taklif etilgan boʻlib, mazkur jarayonlarda ular ham bevosita ishtirok etishdi.
Taqdirlashdan soʻng talabalar uchun maxsus konsert dasturi tashkil qilindi.
Unda xalqimiz ardogʻidagi san’atkorlar, jumladan,
Shuhrat Daryo, Muhammadziyo, Dj King Macarella, Dilnoz Hakimova, “Benom” guruhi
kabi mashhur xonandalar tomonidan ajoyib kuy-qoʻshiqlar taqdim etildi. Tadbir ishtirokchilari san’atkorlarga joʻr boʻlib qoʻshiqlar kuylashdi, raqsga tushishdi va yuqori kayfiyatdagi ajoyib konsert dasturidan bahramand boʻlishdi.
Tadbir yakunida talabalarga zamonimiz muammosi va katta tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan kitob mutolaasi haqidagi maxsus animatsion videorolik taqdim etildi.
“Bitiruvchi-2025” oqshomi yorqin xotiralarga boy, qiziqarli, quvnoq va qaynoq ruhda oʻtdi. Bitiruvchi talabalar va ularning ota-onalari koʻrsatilgan bu e’tibordan mamnun boʻlib, OʻzDJTU rahbariyatiga oʻz minnatdorchiliklarini bildirishdi.