O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

19-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ingliz tili integrallashgan kursi 3-kafedrasi tashabbusi hamda Indoneziyaning nufuzli Muhammadiyah Malang universiteti hamkorligida “Ta’lim, innovatsiya va siyosiy islohotlar orqali hamjamiyatlarni kuchaytirish: yanada adolatli va barqaror kelajak sari yo‘llar” mavzusida hamjamiyatni rivojlantirish bo‘yicha 12-xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

 



Mazkur xalqaro anjuman ta’lim, innovatsiya va siyosiy islohotlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Anjumanni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilxomjon Madaminovich Tuxtasinov ochib berdi. U o‘z nutqida zamonaviy ta’lim tizimini takomillashtirish, xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Konferensiyada dunyoning turli davlatlaridan taniqli olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirok etdi. Jumladan, Muhammadiyah Malang universiteti vitse-rektori Akhsanul In’am, O‘zDJTU professori Rahimov Ganisher Xudoyqulovich, AQSH Davlat departamenti vakili va English Language Fellow dasturi eksperti Guiseppe Chiaramonte, Indoneziya universiteti dotsenti Yasmine Nasution, Rossiyaning Uzoq Sharq federal universiteti dotsenti Aristova Irina Leonidovna hamda Vengriyaning Debretsen universiteti professori Judit Kovács Molnárné o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Anjuman doirasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida memorandumlar imzolandi. Xususan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Indoneziyaning Muhammadiyah Malang universiteti va Universitas Islam 45 Bekasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi tomonlar o‘rtasidagi ilmiy va akademik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.

 



Shuningdek, konferensiya davomida ta’lim, tilshunoslik, metodika, sun’iy intellekt, ijtimoiy-gumanitar fanlar, iqtisodiyot, ekologiya va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida sho‘ba yig‘ilishlari ham tashkil etildi. Unda professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, doktorantlar hamda talabalar o‘z ilmiy ishlari va innovatsion loyihalari bilan ishtirok etdilar.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tajriba almashish, ilg‘or ilmiy g‘oyalarni muhokama qilish hamda istiqboldagi samarali xalqaro hamkorlik uchun muhim akademik platforma sifatida e’tirof etildi.


 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube