O‘zbekiston–Ispaniya forumida muhim hamkorlik kelishuvlari imzolandi
Madrid shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumi ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida qator uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazilib, akademik hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqotlar davomida universitetlar o‘rtasidagi mavjud aloqalarni mustahkamlash va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, akademik mobillik, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro konferensiyalarni tashkil etish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Forum doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Ispaniyaning Rey Xuan Karlos universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, akademik mobillik dasturlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda ikki universitet o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Shuningdek, tomonlar talabalar va akademik xodimlar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qisqa va uzoq muddatli akademik tashriflarni tashkil etish hamda qo‘shma xalqaro loyihalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
2026-06-11 02-23