O`zDJTU talabasi Braziliyaning yetakchi universitetida: portugal tili bo‘yicha mahalliy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi yana bir muhim tashabbusi amaliy natija bermoqda. Portugal tili yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Kamalova Jasmina Shuxrat qizi Braziliyaning yetakchi universitetlaridan biri — Universidade Estadual de Campinas (Unicamp)da universitet granti asosida akademik almashinuv doirasida tahsil olmoqda.
Bu natija birgina talabaning xorijda ta’lim olishi bilan cheklanmaydi. Jasminaning Braziliyada tahsil olishi O‘zbekistonda portugal tilini o‘qitish, xalqaro tajribaga ega mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va ushbu yo‘nalishni rivojlantirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.
Unicampdagi ta’lim Jasminaga portugal tilini bevosita til muhitida o‘rganish, zamonaviy ta’lim metodikasi, akademik muloqot hamda Braziliya madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda. Ushbu tajriba kelgusida O‘zbekistonda portugal tilini professional darajada o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar olib borishda muhim ahamiyat kasb etadi.
2026-yil 14-avgust kuni Unicamp rasmiy saytida “Universidade recebe número recorde de estudantes internacionais” maqolasi e’lon qilindi. Unda 2026-yilning ikkinchi semestrida universitetga 201 nafar xalqaro talaba ro‘yxatdan o‘tgani, ulardan 188 nafari o‘qishini tasdiqlagani qayd etilgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 123 nafar edi. Yangi talabalar 26 mamlakat vakillaridir. (Portal Unicamp)
Maqolada Unicamp Xalqaro aloqalar ijroiya direksiyasi — DERI direktori Rafael Dias xalqaro hamkorlik kengayayotganini ta’kidlab: “Temos até um aluno do Usbequistão” — “Hatto O‘zbekistondan ham bir talabamiz bor”, deya qayd etgan. Ushbu talabaning O‘zDJTU vakili ekani universitetimiz uchun alohida quvonchli.
Mazkur natijada O‘zDJTU rektori va Xalqaro hamkorlik bo‘limining qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, portugal tili ta’limini rivojlantirish va Braziliya oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash borasida professor Dilrabo Baxronova hamda braziliyalik professor Simone Hashigutining tashabbus va hamkorligi muhim o‘rin tutadi.
Bugun Unicamp granti asosida Braziliyada tahsil olayotgan bir talaba — ertaga O‘zbekistonda portugal tilini rivojlantiradigan mutaxassis, tarjimon, pedagog yoki tadqiqotchi bo‘lib yetishishi mumkin.
Bu — O‘zDJTU va Braziliya universitetlari o‘rtasidagi akademik hamkorlikning amaliy natijasi hamda portugal tilini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Unicamp rasmiy maqolasi: Universidade recebe número recorde de estudantes internacionais
2026-08-19 11-43