O‘ZDJTU VA IHT MADANIYAT INSTITUTI O‘RTASIDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI

O‘ZDJTU VA IHT MADANIYAT INSTITUTI O‘RTASIDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI

17-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon Tuxtasinov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Madaniyat instituti prezidenti Muhammad Hassan hamda institut direktori yordamchisi Ahmed Akalinni qabul qildi.

 



Uchrashuv avvalida mehmonlarga O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining faoliyati, so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari hamda xalqaro miqyosdagi o‘rni haqida videorolik namoyish etildi. Universitetning xalqaro reytinglardagi natijalari, dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidagi 200 dan ziyod yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari, xorijiy tillardan tashqari boshqa yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash hamda bitiruvchilarni qo‘shimcha kasblarga o‘qitish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

Muloqot davomida IHT Madaniyat institutining faoliyati, xususan, tashkilotga a’zo davlatlarning tili, adabiyoti va san’atini targ‘ib qilish, umumiy tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, ilmiy va ijodiy loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlari haqida fikr almashildi. Muhammad Hassan institut tomonidan IHTga a’zo davlatlarning yuzlab tillari va lahjalari o‘rganilib, ular bo‘yicha ma’lumotlar bazasi shakllantirilgani, badiiy va ilmiy asarlarni a’zo davlatlar tillariga tarjima qilish hamda nashr etish ishlari olib borilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda 2027-yilda Islomobod shahrida tillar festivalini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berildi. O‘z navbatida, rektor Ilhomjon Tuxtasinov festivalning navbatdagi tadbirini O‘zDJTUda o‘tkazish, shuningdek, IHTga a’zo davlatlar oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun O‘zbekistonda yozgi maktablar tashkil etish takliflarini ilgari surdi. Yozgi maktablar doirasida ishtirokchilarga mamlakatimizning boy madaniy merosi, tarixiy shaharlari va diqqatga sazovor obidalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratish taklif etildi. Mazkur tashabbuslar institut prezidenti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim, til, adabiyot, madaniyat va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va IHT Madaniyat instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

 



Ma’lumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 1985-yilda Turkiya, Eron va Pokiston tomonidan tashkil etilgan. 1992-yilda Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonning qo‘shilishi bilan tashkilot tarkibi kengaygan. Bugungi kunda IHT 10 ta a’zo davlatni birlashtiradi.
 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube