OʻzDJTU vakili Xitoyda oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakulteti dekani Dilshod Djurayev Xitoy Xalq Respublikasining Xebi shahrida "Bir makon – bir yoʻl" taʼlim dasturi doirasida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Konferensiya davomida xitoy tilini oʻqitish metodikasi, xorijiy auditoriyalarda xitoy tilini oʻzlashtirish jarayonida uchraydigan dolzarb muammolar hamda ularni bartaraf etishning zamonaviy yondashuvlari yuzasidan maʼruzalar tinglandi va mutaxassislar oʻrtasida fikr almashildi.
Tadbir doirasida Dilshod Djurayev Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida taʼlim olayotgan xorijlik talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, taʼlim sifati, xalqaro hamkorlik yoʻnalishlari hamda universitetda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

Mazkur konferensiya taʼlim sohasida xalqaro tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda xitoy tilini oʻqitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro maydonlardan biri sifatida eʼtirof etildi.