O‘zDJTU vakillarining Erasmus+ KA171 loyihasi doirasida Ispaniyaga tashrifi davom etmoqda

O‘zDJTU vakillarining Erasmus+ KA171 loyihasi doirasida Ispaniyaga tashrifi davom etmoqda

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Erasmus+ KA171 loyihasi doirasidagi xizmat safari davomida Ispaniya Qirolligining Logronyo shahrida joylashgan Rioxa universitetida (Universidad de La Rioja) tashkil etilgan xalqaro seminar-trening va tajriba almashish dasturida faol ishtirok etmoqda.

2026-yil 13–17-iyul kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligidagi delegatsiya Erasmus+ KA171 dasturi doirasida tashkil etilgan mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etib, oliy ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda akademik mobillikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashmoqda.

Seminar-treningning ikkinchi kunida O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov universitet faoliyati va rivojlanish strategiyasiga bag‘ishlangan taqdimot bilan ishtirok etdi. Taqdimot davomida universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlaridagi ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari, qo‘shma ta’lim dasturlari, doktorantura va ilmiy-tadqiqot faoliyati, milliy va xalqaro reytinglardagi natijalari, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari, dual ta’lim dasturlari, Erasmus+ loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, shuningdek, universitetdagi xorijiy talabalar va mutaxassislar ulushi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, taqdimot yakunida O‘zDJTUning xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish hamda ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Seminar ishtirokchilari universitetning xalqaro faoliyati va Erasmus+ dasturlaridagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholab, istiqboldagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qiziqish bildirdilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube