O‘zDJTUda bitiruvchi kurs talabalari uchun “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” tashkil etildi

O‘zDJTUda bitiruvchi kurs talabalari uchun “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” tashkil etildi

2026-yil 4-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bitiruvchi kurs talabalari bandligini ta’minlash, ularning ishga joylashishiga ko‘maklashish hamda mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish maqsadida keng qamrovli “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” tashkil etildi. Tadbir universitetning  Roman-german filologiyasi fakulteti hamda Registrator ofisi hamkorligida yuqori saviyada o‘tkazildi.

Mazkur yarmarkani universitet rektori I.M.Tuxtasinov ochib berdi. O‘z nutqida rektor bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish va yosh mutaxassislarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

 Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Nurullayev Nuriddin Farhodovich, taniqli sharhlovchi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Mirzahakim To‘xtamirzayev hamda turli tashkilot va korxonalardan tashrif buyurgan mas’ullar ishtirok etdilar. Mehmonlar yoshlar bandligini ta’minlash, bitiruvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Yarmarkada 430 ga yaqin bitiruvchi kurs talabalari faol ishtirok etib, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish hamda kelgusidagi mehnat faoliyati uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbir doirasida ta’lim va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi 12 ta nufuzli tashkilot hamda korxona tomonidan jami 120 ta bo‘sh ish o‘rni taqdim etildi. Ishtirokchilar vakansiyalar, amaliyot dasturlari va istiqbolli hamkorlik takliflari bilan tanishib, ishga qabul qilish tartibi, mehnat sharoitlari, ish haqi va kasbiy rivojlanish istiqbollari yuzasidan batafsil ma’lumot oldilar.

 



Yarmarka yakunida bir qator bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida dastlabki kelishuvlarga erishildi. Mazkur tadbir yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasbiy faoliyatga yo‘naltirish hamda ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube