O‘ZDJTUDA BO‘SH ISH O‘RINLARI YARMARKASI BO‘LIB O‘TDI
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Registrator ofisi tomonidan “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” tashkil etildi.
Mazkur yarmarka yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Tadbirni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori M. Chutpulatov ochib berib, bunday yarmarkalar talabalarning kelajak kasbiy faoliyatida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Shuningdek, Uchtepa tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Azizbek Azimov so‘zga chiqib, tadbirning ahamiyati, ayniqsa yoshlarni ish bilan ta’minlash va ularni amaliy faoliyatga jalb etishdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
Yarmarkada 50 dan ortiq xususiy va davlat tashkilotlari, jumladan yirik brendlar va turli korxona-muassasalar o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Unda universitetning bitiruvchi talabalari faol qatnashib, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, o‘zlariga mos ish o‘rinlarini topish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tadbir davomida ishtirokchilar soha mutaxassislari bilan yuzma-yuz suhbatlashib, foydali tavsiyalar oldilar hamda o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Yarmarka talabalarning kasbiy yo‘nalishini aniqlash, ish bozoridagi talablarni tushunish va kelajak rejalari ustida jiddiy o‘ylashiga turtki bo‘ldi.