O‘zDJTUda Britaniya Kengashi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zDJTUda Britaniya Kengashi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev hamda 2-ingliz tili fakulteti o‘qituvchisi Yayra Abdurayimova ishtirok etdi. Britaniya Kengashi tomonidan O‘zbekistondagi vakolatxona direktor o‘rinbosari Jamilya G‘ulyamova, konsultant Nodira Isamuhamedova va loyiha menejeri Sadoqat Xodjayeva qatnashdi.

 

 


Uchrashuv avvalida rektor Ilxomjon Tuxtasinov mehmonlarni samimiy qutlab, Britaniya Kengashining O‘zbekistonda ingliz tili ta’limini rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda pedagoglar salohiyatini oshirish borasidagi ko‘p yillik samarali faoliyatini alohida e’tirof etdi.

Ta’kidlanganidek, Britaniya Kengashi 1995-yildan buyon O‘zbekistonning oliy va umumiy ta’lim tizimi bilan hamkorlikda qator yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, INSETT loyihasi tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilgan PRESETT loyihasi doirasida ingliz tili ta’limi bo‘yicha zamonaviy o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish, baholash tizimini takomillashtirish hamda professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Ushbu jarayonlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilari ham ekspert sifatida faol ishtirok etib kelayotgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, joriy yilning 23-iyun kuni o‘tkazilgan “O‘zbekistonda ingliz tili ta’limini isloh qilish ishlarini takomillashtirish” mavzusidagi Milliy forum yakunlari ham muhokama qilindi. Forum davomida PRESETT loyihasi doirasida ishlab chiqilgan yangilangan o‘quv dasturlarining asosiy yo‘nalishlari taqdim etilgani, bugungi uchrashuv esa forum yakunlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni atroflicha ko‘rib chiqishga bag‘ishlangani ta’kidlandi.

 



Muzokaralar davomida PRESETT loyihasi doirasida taqdim etilgan o‘quv rejalari va dasturlar yuzasidan oliy ta’lim muassasalari takliflari, ingliz tili ta’limi mazmunini yanada takomillashtirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish hamda Britaniya Kengashi bilan istiqboldagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ingliz tili ta’limi sifatini oshirish, xalqaro tajribalarni keng joriy etish va qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube