O‘zDJTUda “IT Queens – Kelajakni yaratuvchi qizlar” tanlovining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talaba-qizlarning zamonaviy axborot texnologiyalariga qiziqishini oshirish, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “IT Queens – Kelajakni yaratuvchi qizlar” innovatsion tanlovining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov universitetning Xotin-qizlar kengashi hamda Zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt kafedrasi hamkorligida tashkil etildi. Unda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bakalavriat talaba-qizlari ishtirok etib, dasturiy ta’minot, veb-ishlanmalar, mobil ilovalar, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli ta’lim, avtomatlashtirilgan tizimlar, aqlli qurilmalar va IoT yo‘nalishlaridagi bilim hamda loyihalarini namoyish etdilar. Saralash bosqichida faol ishtirok etgan talaba-qizlarga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi. Yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar tanlovning keyingi bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar. Barcha ishtirokchilarga kelgusi bosqichlarda omad va muvaffaqiyat tilaymiz!