O‘ZDJTUDA O‘ZBEKISTON QAHRAMONI IBROHIM G‘OFUROV NOMIDAGI IJOD VA TARJIMA MAKTABI OCHILDI
2026-yil 21-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va ijodkor Ibrohim G‘ofurov nomidagi “Tarjima va ijod maktabi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Ibrohim G‘ofurovning o‘zbek adabiyoti, adabiyotshunosligi va tarjima san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, uning boy ijodiy merosini o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish muhimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Ibrohim G‘ofurov haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar haykal poyiga gullar qo‘yib, atoqli ijodkor xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida Ibrohim G‘ofurovning o‘zbek adabiyoti va tarjima san’ati rivojidagi o‘ziga xos o‘rni, uning boy ijodiy merosi hamda milliy adabiyotimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, Ibrohim G‘ofurov nomidagi “Tarjima va ijod maktabi”ning tashkil etilishi ijodkor xotirasini abadiylashtirish, uning tarjimonlik mahorati va ijodiy tajribasini yosh avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Gulandom Boqiyeva hamda Ibrohim G‘ofurovning oila vakili, universitet katta o‘qituvchisi Zulayho Alimova so‘zga chiqdilar.
Ular o‘z chiqishlarida Ibrohim G‘ofurovning serqirra ijodiy faoliyati, jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishdagi mahorati, adabiyotshunoslik va badiiy tarjima rivojiga qo‘shgan hissasi hamda yosh ijodkorlar uchun ibratli hayot yo‘li haqida fikr bildirdilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talaba-yoshlari ham faol ishtirok etib, turli tillarda Ibrohim G‘ofurovning hayoti, ijodi va tarjimonlik faoliyati haqida ma’lumotlar taqdim etdilar. Ularning chiqishlarida atoqli ijodkorning jahon adabiyoti va o‘zbek kitobxonlari o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni mustahkamlashdagi xizmatlari alohida yoritildi.
Marosimning muhim qismi — Ibrohim G‘ofurov nomidagi “Tarjima va ijod maktabi” o‘quv xonasining tantanali ochilishi bo‘ldi. Universitet rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov ishtirokchilarni maktab faoliyati, uning maqsad va vazifalari hamda yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi.
Yangi maktab Ibrohim G‘ofurovning boy ijodiy merosini chuqur o‘rganish, talabalarning tarjimonlik mahorati va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, badiiy tarjimaga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda milliy tarjima an’analarini davom ettirishga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ibrohim G‘ofurov nomidagi “Tarjima va ijod maktabi”ning ochilishi atoqli ijodkor xotirasiga hurmat ifodasi bo‘lish bilan birga, kelajak tarjimonlari va yosh ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
