O‘zDJTUda “Sertifikatga tayyorlov kursi” tadbiri bo‘lib o‘tdi

8-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Sertifikatga tayyorlov kursi” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi vakillari, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor va Shayxontohur tumanlaridagi umumta’lim maktablarining ingliz tili o‘qituvchilari, O‘zDJTU rahbariyati, Talabalar amaliyoti bo‘limi xodimlari hamda universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

 

 

Tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi. O‘z nutqida rektor mamlakatda xorijiy tillarni o‘qitish tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini oshirish va o‘qituvchilarning malakasini xalqaro mezonlar asosida baholash muhimligini ta’kidladi.

“Bugungi davr o‘qituvchidan faqat dars berishni emas, balki doimo o‘sishni, o‘rganishni, zamon bilan hamnafas bo‘lishni talab qilmoqda. Ayniqsa, ingliz tili o‘qituvchisi uchun bu nihoyatda muhim. B2 darajadagi sertifikat bu shunchaki hujjat emas, bu – o‘qituvchining kasbiy nufuzi va o‘ziga bo‘lgan ishonch ramzidir”, — dedi rektor.

Tadbir davomida Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish sho‘basi boshlig‘i Xurshida Jalolova, O‘zDJTU Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Farrux Eshmamatov, shuningdek, Ingliz tili nazariy aspektlar kafedrasi o‘qituvchilari Parvina Muxtashamova, Asem Kuandikova va Nilufar Shakirovalar tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi.

 

 

Mazkur kursdan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zDJTUga biriktirilgan umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan, hali B2 yoki undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish va ta’lim sifatini yanada yaxshilashdan iboratdir.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar hamda savol-javob shaklida muloqot o‘tkazildi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube