O‘ZDJTUDA SHAHRAM G‘IYOSOV ISHTIROKIDA TALABALAR BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida professional bokschi, Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sohibi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Shahram G‘iyosov ishtirokida talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirni O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va vatanparvar etib tarbiyalashda sportning o‘rni, yoshlarda qat’iyat, intizom va maqsad sari intilish fazilatlarini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuvda rektorning sun’iy intellekt va strategik transformatsiya bo‘yicha maslahatchisi Maxmudjon Boltabayev ham ishtirok etdi.
Tadbir davomida Shahram G‘iyosov o‘zining sportdagi faoliyati, professional boks sari bosib o‘tgan yo‘li, xalqaro musobaqalardagi ishtiroki va erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi. U Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan kumush medali, jahon va Osiyo chempionatlaridagi natijalari hamda professional ringda orttirgan tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ochiq muloqot shaklida davom etgan uchrashuvda talabalar sportchiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Suhbat davomida musobaqalarga tayyorgarlik, qiyinchiliklarni yengib o‘tish, ruhiy barqarorlik, iroda va intizomni mustahkamlash, shuningdek, katta maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lgan fazilatlar muhokama qilindi.

Shahram G‘iyosov yoshlar bilan muloqotda muvaffaqiyatning asosiy omillari tinimsiz mehnat, o‘z ustida ishlash, qat’iyat va tanlangan yo‘ldan og‘ishmaslik ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarni o‘z oldilariga yuksak maqsadlar qo‘yish, bilim va salohiyatlarini rivojlantirish hamda Vatan ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga undadi.
Mazmunli va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv talabalar uchun tajriba almashish, muvaffaqiyatga eltuvchi yo‘l haqida fikr yuritish hamda yangi maqsadlar sari intilish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularda vatanparvarlik, mas’uliyat, iroda va o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.
