15-aprel kuni Qahramanmaraş İstiklal universitetida “Qadimiy so‘z izida: Turkiya–O‘zbekiston til va adabiyoti mutaxassislari almashinuvi dasturi” doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 3-fakulteti Ikkinchi chet tili kafedrasi mudiri E. Moydinova, katta o‘qituvchi D. Axmedjanova, dotsent Muhammed İkbâl Güler (koordinator) hamda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti vakillari boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida universitetlar o‘rtasida ilmiy va akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandumlar imzolandi. Ushbu kelishuvlar talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Qahramanmaraş İstiklal universiteti rektori Prof. Dr. İsmail Bakan bilan uchrashib, hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Dastur doirasida ishtirokchilar Şanlıurfa shahriga madaniy tashrif amalga oshirdilar. Tashrif davomida ular insoniyat tarixidagi eng qadimiy ibodat maskanlaridan biri hisoblangan Göbeklitepe yodgorligi bilan tanishdilar. Shuningdek, Şanlıurfaning mashhur Balıklıgöl majmuasi haqida ham ma’lumotga ega bo‘ldilar.