2025-yil 8-oktabr kuni “Daryo.uz” saytida e’lon qilingan “O‘tkan kunlar” tarjimoni Mark Riz: “Pul to‘lamay o‘qish — o‘g‘rilik” sarlavhali maqolada keltirilgan fikrlar yuzasidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti quyidagi rasmiy munosabatni bildiradi.
Hurmatli Mark Riz janoblari,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti nomidan, avvalo, Sizning fikr va e’tirozlaringizni chuqur hurmat bilan qabul qilayotganimizni ma’lum qilamiz. Abdulla Qodiriy asarining “O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga yuqori saviyada tarjima qilganingiz va o‘zbek adabiyotini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qo‘shgan ulkan hissangiz uchun Sizga samimiy minnatdorchilik bildiramiz. Sizning mehnatingiz universitetimiz talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun qimmatli manba bo‘lib, tarjimonlik ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Biz Sizning intellektual mulkni himoya qilish borasidagi fikr va e’tirozlaringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz hamda bu masalada xalqaro me’yorlar — Bern Konventsiyasi va Butun jahon intellektual mulk tashkiloti tamoyillariga qat’iy amal qilamiz.
Mazkur asar Siz tomonidan universitet rektoriga shaxsan sovg‘a qilingan bo‘lib, u keyinchalik talabalar ta’lim jarayonida foydalanishlari uchun Axborot-resurs markaziga topshirilgan. Hozirda kutubxonada ushbu kitobning bir nusxasi mavjud bo‘lib, undan tarjima amaliyoti, qiyosiy adabiyotshunoslik hamda ingliz tili ta’limi jarayonida faqat o‘quv maqsadida foydalaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 13-iyuldagi 225-sonli buyrug‘iga muvofiq, barcha oliy ta’lim muassasalari fondidagi o‘quv va ilmiy adabiyotlarning elektron bibliografik yozuvlari Unilibrary.uz platformasiga joylashtirilishi belgilangan. Shu jarayon doirasida mazkur asarning faqat bibliografik ma’lumotlari texnik tartibda kiritilgan, ammo to‘liq matn yoki elektron nusxa hech qachon ochiq foydalanishga joylashtirilmagan.
Mualliflik ruxsati talab etilishi aniqlangach, bu bibliografik yozuv tizimdan olib tashlandi va hozirda asarning elektron shaklidan foydalanish imkoniyati mavjud emas.
Unilibrary.uz — 110 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlarini birlashtiruvchi yagona davlat platformasi bo‘lib, undagi barcha ma’lumotlar faqat axborot berish maqsadida joylashtiriladi. Platforma hech qanday tijoriy faoliyat yuritmaydi, mualliflik huquqlarini himoya qilish esa uning ustuvor tamoyilidir.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Sizning e’tirozlaringizni jiddiy qabul qiladi hamda yuzaga kelgan noqulaylik uchun samimiy uzr so‘raydi. Ushbu holat hech qanday tarzda mualliflik huquqini buzish yoki intellektual mulkka nisbatan beparvolik sifatida qabul qilinmasligi kerak.
Biz Siz bilan yaqin hamkorlik qilishga va mazkur masalani ochiq muloqot asosida muhokama etishga tayyormiz. Agar Sizda qo‘shimcha ma’lumot, hujjat yoki dalillar (masalan, tarqatilgan materiallar haqida) mavjud bo‘lsa, ularni taqdim etishingiz bu jarayonni tezlashtirishga yordam beradi.
Biz bilan info@uzswlu.uz yoki +998 71 232-13-21 raqami orqali bog‘lanishingiz mumkin. Universitet Sizning ijodiy faoliyatingizni va o‘zbek adabiyotini dunyoga tanitish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni yuksak qadrlaydi.
O‘zbek adabiyoti va uning fidoyi targ‘ibotchilari biz uchun muhim ahamiyatga ega. Siz bilan o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlikka asoslangan aloqalarni davom ettirishga umid bildiramiz.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti