RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar tomonidan oliy ta’lim muassasalari talabalari haqida turli mazmundagi asossiz va noto‘g‘ri talqinlar tarqatilayotgani kuzatilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-avgust kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishi hamda 2026-yil 24-fevraldagi “Yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan” muloqotida oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga tayyor holda olib chiqish, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan.

Shuningdek, Prezidentning PQ-61-son qarorida ham bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularni ish beruvchilar bilan uzviy bog‘lash, amaliyot tizimini takomillashtirish hamda mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bitiruvchi bosqich talabalari bilan tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, talabalarni mavjud vakant ish o‘rinlari bilan tanishtirish, ish beruvchi tashkilotlar bilan bevosita uchrashuvlar tashkil etish, amaliyot jarayonlarini real sektor bilan integratsiya qilish hamda ularni doimiy ish o‘rinlariga yo‘naltirish bo‘yicha kompleks choralar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, universitet tomonidan olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlar talabalarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy tayyorgarligini oshirish hamda mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishga qaratilgan.

Natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 27 nafar bitiruvchi talabaga jami 5 mlrd 857 mln so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak ajratilib, 95 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mazkur natijalar yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliy faoliyatga yo‘naltirish hamda barqaror daromad manbalarini shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlarning amaliy ifodasidir.

Muhim jihat: universitet bitiruvchilarining bandlik ko‘rsatkichlari faqat rasmiy tasdiqlangan va barqaror ish o‘rinlari asosida shakllantiriladi. O‘zini o‘zi band qilish holatlari esa doimiy ish bilan ta’minlanganlikni to‘liq tasdiqlamagani sababli umumiy bandlik statistikasiga kiritilmaydi.

Ayrim bitiruvchilarning mehnat faoliyatiga darhol jalb etilmasligi turli obyektiv sabablarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Jumladan, ularning bir qismi xorijda o‘qishni davom ettirayotgani, oilaviy (jumladan, dekret) holatlari yoki boshqa shaxsiy sabablarga ko‘ra vaqtincha mehnat bozoriga chiqmagan bo‘lishi mumkin.

Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan “majburiy o‘zini o‘zi band qilish orqali ko‘rsatkichlarni sun’iy oshirish” haqidagi iddaolar haqiqatga mos kelmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan skrinshotlarga kelsak, ularning aynan universitet xodimlari yozishmalaridan olingani ishonchli dalillar bilan tasdiqlanmagan. Agar mazkur holat yuzasidan aniq va asosli ma’lumotlar taqdim etilsa, ular belgilangan tartibda o‘rganilib, tegishli choralar ko‘riladi.

Jamoatchilikdan tekshirilmagan va biryoqlama talqinlarga asoslangan xabarlarga tanqidiy yondashishni so‘raymiz. Universitet faoliyati amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda olib borilmoqda.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube