RASMIY MUNOSABAT
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rasmiy axborot siyosati tamoyillariga amal qiladi
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rahbariyati tomonidan yangi tayinlovlar va vazirlik faoliyatiga oid axborotlarni yoritishga cheklov qo‘yilgani haqida tarqatilgan da’volar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlov yoki vazirlik faoliyatiga oid rasmiy axborotlarni universitetning axborot resurslarida e’lon qilmaslik bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmagan.
Erkinjon Turdimovning yangi lavozimga tayinlangani haqidagi rasmiy xabar universitet fakultetlarining Telegram kanallarida hamda universitetning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan. Bu holat universitet tizimida davlat miqyosidagi muhim yangiliklarni yoritish va ularni professor-o‘qituvchilar hamda talabalarga yetkazish ishlari olib borilayotganini tasdiqlaydi.
Universitetda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat miqyosidagi muhim voqealar, rasmiy tayinlovlar, qabul qilinayotgan qarorlar va ta’lim sohasidagi yangiliklarni yoritishga alohida e’tibor qaratiladi. Axborotlar rasmiy manbalar asosida universitetning axborot platformalari hamda fakultetlarning rasmiy Telegram kanallari orqali tegishli auditoriyaga yetkazib boriladi.
Universitetning axborot siyosati alohida shaxslarning taxminiy munosabati yoki shaxsiy qarashlariga emas, balki rasmiy axborot manbalari, xolislik va jamoatchilikni ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash tamoyillariga asoslanadi. Shu bois universitet rahbariyatining pozitsiyasi yoki axborot siyosati haqida xulosa chiqarishda tasdiqlanmagan taxminlarga emas, aniq faktlarga tayanish lozim.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti davlat siyosati, ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlar hamda rasmiy qarorlarga oid axborotlarni yoritish, jamoatchilikni ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash va talaba-yoshlarni dolzarb yangiliklardan xabardor qilish borasidagi faoliyatini izchil davom ettiradi.







