UAEMex bilan hamkorlik: o‘zaro tajriba almashuviga bag‘ishlangan navbatdagi onlayn dars o‘tkazildi
Ispan tili yo‘nalishi talabalari Meksikaning nufuzli UAEMex (Universidad Autónoma del Estado de México) universiteti o‘qituvchilari va magistrlari ishtirokida navbatdagi onlayn ma’ruza mashg‘ulotida qatnashdilar.

Mazkur dars ikki OTM o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikning yana bir samarali bosqichi bo‘lib, talabalar uchun nafaqat akademik bilim, balki madaniy almashinuv imkoniyatlarini ham kengaytirdi.
Bugungi globallashuv davrida masofaviy ta’limning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Xususan, xalqaro professorlar bilan bevosita muloqot, birgalikda loyihalar, virtual seminarlar va masofaviy o‘quv dasturlari zamonaviy ta’lim jarayonining ajralmas qismiga aylangan. Shu bilan birga, bunday onlayn mashg‘ulotlar dual diplom dasturlarini masofadan turib o‘qish imkonini kengaytiradi, talabalarni xalqaro akademik muhitga tayyorlaydi, til ko‘nikmalarini va madaniyatlararo kompetensiyasini rivojlantiradi, dunyoning turli universitetlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mamlakatimizda kunduzgi va kechki ta’lim shakllari bilan bir qatorda, masofaviy ta’lim tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va uni rivojlantirish strategik ustuvor yo‘nalishlardan biridir.

UAEMex universiteti bilan davom etayotgan ushbu hamkorlik loyihalari esa O‘zDJTU talabalari uchun global ta’lim maydoniga keng yo‘l ochmoqda. Yaqin kelajakda qo‘shma dasturlar, ilmiy seminarlar va yangi loyihalar orqali hamkorlik yanada mustahkamlanishi rejalashtirilgan.
Mazkur dasturni UAEMex Tillar fakulteti dekani, professor Virna Velaskes hamda Ispan tili amaliy fanlar kafedrasi professori Dilrabo Baxronova, o‘qituvchi Fotima Abdullayeva kuzatib bordilar. Har bir dars kichik guruhlarda (2-3 nafardan) tashkillashtirilib, unda, umumiy hisobda 30 ga yaqin talaba ishtirok etdi.