7-oktabr kuni Hindistonning Jaypur shahridagi Banasthali universiteti professori, xalqaro hamkorlik bo‘yicha mas’ul vakili doktor Manish Ranjan bilan O‘zDJU prorektori A.Nasirov hamda Roman-german tillari tarjimashunosligi kafedrasi o‘qituvchisi Ro‘ziboyeva Nazira bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv jarayonida OTMlar orasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Asosan xorijiy tillarni o‘qitish (fransuz, ingliz, nemis), jurnalistika va boshqa istiqbolli sohalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Banasthali universiteti qoshida o‘zbek tilini targ‘ib qilishga qaratilgan markaz tashkil etish va talabalarga o‘zbek tilini o‘qitish taklifi bildirildi. Qolaversa, ikki OTM professor-o‘qituvchilarining almashinuvi, hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish va yoshlarga bir-birining madaniy va ma’rifiy boyliklarini kashf etish imkonini yaratish maqsadida talabalar almashinuv dasturini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Bundan tashqari Roman-german tillari tarjimashunosligi kafedrasi o‘qituvchisi Ro‘ziboyeva Nazira va doktor Ranjan hammuallifligida to‘rt tilda yozilgan “Incredible India, Incredible Festivals” nomli kitobining taqdimoti tashrifning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Universitet xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A.Nosirov yaqin kelajakda yangi samarali hamkorliklar paydo bo‘lishiga umid bildirdi.