10-fevral kuni O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) loyihasi doirasida O‘zDJTUga tashrif buyurgan 14 nafar volontyorni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida, I. Tuxtasinov volontyorlarga ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi hamda ularning faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Koreyalik mutaxassislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar hamda universitetda koreys tilini o‘qitishga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidlab o‘tdilar.
Universitet rahbariyati tomonidan volontyorlarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan joriy yilda KOICA tashkilotining 1 116 000 AQSh dollari miqdoridagi grant loyihasi yutib olingan. Mazkur loyiha 3-yil muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu davrda 70 nafar volontyor universitetga tashrif buyurib, talabalar uchun koreys tili bo‘yicha mashg‘ulotlar, shuningdek koreys milliy musiqa va raqslari hamda Taekvondo sport to‘garaklari tashkil qiladi. Shu bilan birga, Sharq filologiyasi fakultetida ajratiladigan xonalarni jihozlash, texnik vositalar va sport anjomlari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Amaliyotchi:Ochildiyeva O'g'iloy