2025-yil 25-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Tarmoq markazi va Indoneziyaning nufuzli Gunadarma universiteti o‘rtasidagi qo‘shma malaka oshirish dasturi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Ingliz tili 3-fakultetining ikki nafar professor-o‘qituvchilari — Bobojonova Zarina Rashidovna va Jumayeva Sadbarg Mirolimovna ham ishtirok etdilar. Ular Gunadarma universiteti delegatsiyasi bilan qo‘shma malaka oshirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borishdi.
Dastur doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida akademik hamkorlikni kengaytirish, xorijiy tillarni o‘qitish metodikasini takomillashtirish, raqamli ta’lim, sun’iy intellekt va lingvistika sohalarida tajriba almashish rejalari muhokama qilindi. Dastlabki bosqichda onlayn seminar va treninglar, keyinchalik esa almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Hamkorlik doirasida Gunadarma universitetining zamonaviy texnologiyalar sohasidagi tajribasidan foydalanish, O‘zDJTU esa til o‘qitishdagi ilg‘or yondashuvlarni taqdim etishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur qo‘shma malaka oshirish kursi doirasida ingliz tili 3-fakultetining yuqorida nomi keltirilgan ikki nafar professor-o‘qituvchisi Indoneziyaga jo‘nab ketishdi. Mintaqadagi eng nufuzli OTMlardan biri hisoblangan Gunadarma universitetida ustozlar nafaqat o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda, balki o‘z tajribalari bilan ham bo‘lishmoqdalar. Kuni kecha ular universitetning Ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalariga seminar-trening mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar. Shuningdek, universitetning 60 gektarlik “TECHNO PARK” tadqiqot va sinov bog‘iga tashrif buyurib, o‘z qo‘llari bilan mevali daraxt ko‘chatini ekdilar.