28-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Toshkent shahrida joylashgan Amerika texnologiya universitetiga (AUT) tashrif buyurdi.

Uchrashuvda O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor A. Nasirov hamda Xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i B. Nishanaliyev ishtirok etdi. AUT tomonidan mehmonlarni universitet ta’sischi rektori, professor Said Irandust, fakultet dekani professor Barbara Igel hamda ijrochi dekan professor Xalid Mia kutib oldilar.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2026-yil 12-yanvar kuni O‘zDJTUda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surilgan hamkorlik bo‘yicha takliflarni batafsil muhokama qilish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumini imzolashdan iborat bo‘ldi.

Muzokaralar yakunida tomonlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvga erishdilar:
 1. MA TESOL (Teaching English to Speakers of Other Languages) magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim va akademik dasturlarni amalga oshirish;
 2. Professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun malaka oshirish, akademik almashinuv hamda amaliyot dasturlarini tashkil etish;
 3. AUT huzuridagi sun’iy intellekt (AI) laboratoriyasida O‘zDJTU talabalari uchun amaliyot va stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
 4. Hamkorlikda professional tarjimonlar tayyorlash.

AUT ta’sischi rektori Said Irandust o‘z nutqida universiteti O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirishga, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha tajriba almashishga tayyor ekanligini, shuningdek, malakali tarjimonlar tayyorlashda O‘zDJTUni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida AUT va O‘zDJTU rahbariyati o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida ishchi guruh tuzish va hamkorlik bo‘yicha Yo‘l xaritasi ishlab chiqish rejalashtirildi.

Tashrif doirasida O‘zDJTU delegatsiyasi AUTning moddiy-texnik bazasi, jumladan, zamonaviy auditoriyalar, ilmiy va innovatsion laboratoriyalar, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt laboratoriyasi hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur tashrif va imzolangan Memorandum ikki universitet o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi akademik va ilmiy imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube