Xalqaro hamkorlik
Uchinchi Tojikiston–O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi yalpi majlisi yakunlangandan so‘ng ishtirokchilar Sadriddin Ayni nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universiteti Rus filologiyasi fakulteti binosida bo‘lib o‘tgan sho‘ba yig‘ilishlarida ishtirok etdilar.

O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov “Pedagog kadrlarni tayyorlash va xorijiy tillarni o‘qitish” mavzusidagi chiqishida mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan samarali islohotlar, pedagog kadrlar tayyorlash hamda ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, mintaqadagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 22 ta xorijiy til hamda boshqa qator yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoni, uning bugungi holati va istiqbollari haqida forum ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan keng qamrovli hamkorlik aloqalari hamda bu borada universitet oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan ham o‘z fikrlarini bildirdi.
Forum ishtirokchilari respublikada ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan faoliyatni yuqori baholab, tajriba almashish maqsadida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.