Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir
Bugun, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan Xalqaro nogironlar kuni doirasida “Biz sen bilan bir kuchmiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Valijon Sadiyev ochib berdi. Shuningdek, jarayonda universitet rahbariyati vakillari — Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Xamdamov Doniyor, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Otabek Ibragimov, yoshlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Sevinch Islomova ishtirok etishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va insonparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilishdan iborat.
Jahon tillari universiteti kelgusida ham inklyuziv ta’limni rivojlantirish, ijtimoiy adolatni mustahkamlash hamda teng imkoniyatlar tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni izchil davom ettiradi.