2026-yil 17-iyun kuni Yaponiyaning Digital Knowledge kompaniyasi hamda Yaponiya raqamli universiteti rahbar xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Yaponiya tomonidan Digital Knowledge kompaniyasi prezidenti va Yaponiya raqamli universiteti asoschisi Hiroaki Haga, Vasiylik kengashi a’zosi Kondo Toshiko, Yaponiya raqamli universiteti rektori R. Mamajonov, moliyaviy masalalar, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish bo‘yicha prorektor Toshiyuki Kudo, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Vatanabe Yoko, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor J. Hikmatillaev, hamda yurist J. Murodullaev ishtirok etdi.

Mehmonlarni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Chutpulatov, moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor M. Hamraev, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i F. Rashidova hamda yuriskonsult Sh. Abdiolaev qarshi oldi.
Uchrashuv davomida uchta asosiy masala muhokama qilindi.
Birinchi masala Yaponiya raqamli universiteti tomonidan ijaraga asosida foydalanilayotgan universitet balansidagi kampusdan foydalanish hamda ijara shartnomasi muddatini uzaytirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Hiroaki Haga kampus infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha investitsiyalar kiritish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u kampus hududida yangi binolar qurish va ularni zamonaviy talablarga mos jihozlash ijara shartnomasi muddatini uzaytirishga bog‘liqligini ta’kidladi.
Bunga javoban M. Hamraev amaldagi qonunchilikka muvofiq bino va yer maydonlari 6 yil muddatga auksion orqali ijaraga berilishi, tariflar o‘zgarishi hamda obyektlardan maqsadli foydalanish natijalariga qarab shartnomalar har yili qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, qo‘shimcha investitsiyalar kiritilishi mazkur masalaning ijobiy hal etilishiga xizmat qilishi qayd etildi. Tomonlar shartnoma loyihasi ko‘rib chiqilgach, O‘zDJTU rahbariyati tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi bo‘yicha kelishib oldilar.
Ikkinchi masalada O‘zDJTU nufuzi va xalqaro reytinglardagi o‘rni yildan-yilga oshib borayotgani sababli, Yaponiya tomoni qo‘shma ta’lim dasturlarini davom ettirishdan manfaatdor ekanligi bildirildi. F. Rashidova Yaponiya raqamli universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari Vazirlar Mahkamasi qarori talablariga mos kelmagani sababli Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ma’qullanmaganini ma’lum qildi. U o‘rniga Yaponiya TOP-1000 universitetlari qatoriga kiruvchi ta’lim muassasasi bilan shunga o‘xshash dasturlarni yo‘lga qo‘yish tavsiya etilganini ta’kidladi.

Hiroaki Haga esa vazirlik mutasaddilari bilan uchrashib, ushbu masalani ijobiy hal etish choralarini ko‘rishini, mazkur uchrashuvda O‘zDJTU vakili ham ishtirok etishi muhimligini bildirdi.
Uchinchi masala O‘zDJTU bitiruvchilarini Yaponiya kompaniyalariga ishga joylashtirish masalasi bo‘ldi. Toshiyuki Kudo bu yo‘nalishda katta tajribaga ega ekanini ta’kidlab, universitetga amaliy yordam berishini bildirdi. Bu yordam IT yo‘nalishidan tashqari boshqa sohalar bo‘yicha ham seminarlar, taqdimotlar hamda kasbiy tayyorlov kurslarini tashkil etishni o‘z ichiga olishi qayd etildi.
O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Chutpulatov esa navbatdagi o‘quv yilidan boshlab 7+1 tizimi, ya’ni 7 semestr davomida til o‘qitish va so‘nggi 1 semestrda kasbiy tayyorgarlikni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilayotganini, ushbu tizim joriy etilsa, yapon tili guruhlari talabalarini ham ushbu jarayonga jalb qilish mumkinligini ma’lum qildi.
Tomonlar muhokama qilingan masalalar yuzasidan hamkorlikni davom ettirish hamda uni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.