Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi delegatsiyasining O‘zDJTUga tashrifi bo‘lib o‘tdi
27-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Sevara Shakirova hamda xorijiy aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Dilsora Mirzaahmedova, shuningdek, universitet rahbariyati — rektor Ilxomjon Tuxtasinov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Chutpulatov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nosirov hamda Karyera markazi yetakchi mutaxassisi Nodira Kadirova ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida Agentlik va universitet o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktablar uchun malakali kadrlar tayyorlash, jumladan, xitoy tili yo‘nalishi bitiruvchilarini ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, bitiruvchi kurs talabalarining pedagogik amaliyotlarini samarali tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda istiqboldagi rejalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
