Yoshlarning maqsadli faoliyatini tizimli tashkil etish hamda ularni yangi marralar sari yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan “Yilning eng faol talabasi” respublika tanloviga arizalar qabul qilish jarayonlarida saralangan talaba yoshlar universitet bosqichiga yetib keldi.
19-noyabr kuni mazkur talabalarning ijodiy ishlarini ko‘rib chiqish va baholash jarayonlariga start berildi.
Ijodiy ishlarni o‘rganib chiqish jarayonlari oldidan universitet rektori va Tanlov komissiyasi a’zolari bilan birgalikda uchrashuv tashkil etildi. Rektor Ilxomjon Tuxtasinov tanlovning universitet bosqichini talab darajasida o‘tkazilishini muvofiqlashtirish va zarur hollarda tashkiliy-uslubiy yordam ko‘rsatish hamda shaffoflik ta’minlanishini nazoratga olish, har bir ijodiy ishlarni sinchkovlik bilan o‘rganish va odilona baholash zarurligini ta’kidladi.
Tanlovning Nizom talablari asosida ishlarni tashkil etilishi, yuqori saviyada, adolat, xolislik va oshkoralik mezonlari asosida o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida universitetning Korrupsiyaga qarshi kurashish «Komplayens-nazorat» tizimini boshqarish bo‘limi ham mazkur baholash jarayonlarini nazoratga oldi.
Ijodiy ishlar 3 kun davomida o‘rganilib, baholanadi.
Eslatib o‘tamiz, tanlovda ishtirokchilar quyidagi nominatsiyalar taqdirlanadi:
Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi;
Yilning eng faol targ‘ibotchi talabasi;
Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi;
Yilning eng faol sportchi talabasi;
Yilning eng faol iqtidorli talabasi;
Yilning eng faol ijodkor talabasi;
Yilning eng faol tadbirkor talabasi.
Ma’lumot uchun: Nominatsiyalar bo‘yicha 1-2-3 o‘rinni egallagan g‘olib va sovrindorlar O‘zDJTU faxriy yorlig‘i bilan mukofotlanadi hamda tegishli ravishda 1-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 8 barobari miqdorida, 2-o‘rin sohibi BHMning 6 barobari miqdorida hamda 3-o‘rin sohibi BHMning 4 barobari miqdorida moddiy rag‘batlantiriladi.