O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Mustaqillik bayrami va yangi o‘quv yili munosabati bilan maktab sovg‘alari topshirildi
2025-yil 28-avgust kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Kengashining birinchi son yig‘ilishida Mustaqillik bayramining 34 yilligi va yangi 2025–2026 o‘quv yili munosabati bilan ijtimoiy-ma’naviy tadbir tashkil etildi.
Mazkur yig‘ilish doirasida universitet professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari hamda tutorlarning 1–4-sinflarda tahsil olayotgan farzandlariga papka, daftar va o‘quv jarayonida zarur bo‘ladigan boshqa anjomlardan iborat maktab sovg‘alari topshirildi.
Tadbir universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov tashabbusi bilan kasaba uyushmasi hamkorligida amalga oshirildi. Rektor yig‘ilish davomida farzandlarni yangi o‘quv yili bilan samimiy tabriklab, ularga bilim olish yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, yosh avlodning barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi, ularning ta’lim-tarbiyasiga ko‘maklashish universitet jamoasining ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.