4-fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti tomonidan oliy ta’lim muassasalari psixologlari uchun navbatdagi seminar-trening tashkil etildi. Tadbir oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan psixologlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashuvini kuchaytirishga qaratildi.
Seminar-treningda malaka oshirish kurslariga jalb etilgan, turli oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan psixologlar ishtirok etdi. Tadbir davomida zamonaviy psixologiya yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy bilimlar, amaliy mashg‘ulotlar hamda ta’lim muassasalarida psixologik xizmatni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq tavsiyalar taqdim etildi.

Amaliy tajriba almashish doirasida ishtirokchilar talabalarning psixologik holatini tahlil qilish, stress va moslashuv bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, psixologik profilaktika va maslahat jarayonlarida qo‘llaniladigan usullarni muhokama qildilar. Seminar-trening interaktiv shaklda o‘tkazilib, muhokamalar va amaliy mashqlar orqali ishtirokchilarning faol ishtiroki ta’minlandi.
Mazkur seminar-trening oliy ta’lim muassasalarida psixologik xizmatni tashkil etish yondashuvlarini boyitib, mutaxassislarning kundalik faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan amaliy bilim va tajribalarni mustahkamladi.
