23-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov Yaponiyaning Xokkaydo provinsiyasi granti asosida Xigashikava maktabi tomonidan tashkil etilgan 2 oylik yapon tili va madaniyati dasturida ishtirok etish uchun jo‘nab ketayotgan Sharq filologiyasi fakultetining 2 nafar o‘qituvchisi va 10 nafar talabasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida Ilxomjon Tuxtasinov O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ijtimoiy-gumanitar hamkorlik yildan-yilga kengayib borayotganini alohida ta’kidlab, O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun yaratilayotgan xalqaro dasturlar, grantlar va akademik almashinuv imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.

 

 

Shuningdek, rektor ishtirokchilarga safar davomida yapon tilidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ushbu davlatning boy madaniyati bilan yaqindan tanishish, dunyoqarashlarini kengaytirish bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi va O‘zDJTU sha’nini munosib tarzda namoyon etish zarurligini uqtirdi. Hozirgi notinch xalqaro vaziyatda yoshlarning turli destruktiv oqimlar va tartibsizliklarga aralashib qolmasliklari, ilmga intilish va o‘zini rivojlantirishga e’tibor qaratishlari lozimligini qat’iy ta’kidlab o‘tdi.

Yapon filologiyasi kafedrasi mudiri Nargiza Xamidova o‘z navbatida O‘zDJTUda yapon tilini o‘qitish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar, Yaponiya OTMlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi izchil siyosat, shuningdek, xorijda tahsil olish imkoniyatlari uchun rahbariyatga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

 

 

Xigashikava maktabiga ketayotgan guruh vakillari tomonidan Hokkaydo provinsiyasi vakillari uchun “O‘zbekiston madaniyat kunlari”ni tashkil etish, unda milliy qo‘shiq va raqslar, sahna ko‘rinishlari orqali xalqimizning boy madaniy merosini namoyish etish rejalashtirilganligi ta’kidlandi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube