O‘zDJTUda “O‘zbekiston – Turkiya” xalqaro loyihasi ishtirokchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “O‘zbekiston – Turkiya” so‘zlar rangi: til va madaniy sayohat” xalqaro loyihasi doirasida Turkiya Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari hamda loyiha ishtirokchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda universitet rektori, professor Ilhomjon Madaminovich To‘xtasinov, Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor Abduraxim Abdumutalipovich Nosirov, universitet va akademik litsey rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, loyiha koordinatorlari hamda Turkiyadan tashrif buyurgan o‘quvchilar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan hamda madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, turk va o‘zbek tillarini o‘qitish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, qardosh xalqlar lug‘atini yaratish, o‘quvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda pedagoglarning malaka almashinuvi masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Turkiyaning Izmir va Anqara shaharlaridagi ta’lim muassasalari bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy va ta’lim loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida loyiha asoschilaridan biri, universitet va akademik litseyda turk tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan marhuma Melike Bahar Tike Tetikning yorqin xotirasi ehtirom bilan yod etildi.