O‘zDJTUda “Yevropa tillari kuni” va “Yevropa kino festivali”ni o‘tkazish masalalari muhokama qilindi
2026-yil 18-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yevropa delegatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Siyosiy masalalar bo‘yicha mas’ul xodimi Mikaela Zelenanska bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori O. Yusupov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev hamda bo‘lim yetakchi mutaxassisi K. Alimova ishtirok etdilar.
Ishchi uchrashuv davomida joriy yilning 10-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda muhokama qilingan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Yevropa tillari kuni”ni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
X. Yuldashev universitet tomonidan mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilishini ta’kidladi. Jumladan, tadbir uchun faollar zali va 4 ta ma’ruzalar zali ajratilishi, zarur texnik vositalar bilan ta’minlanishi, xalqaro tashkilotlar hamda Yevropa davlatlari elchixonalari vakillarini kutib olish va ularga hamrohlik qilish, shuningdek, O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari va talabalarining faol ishtirokini ta’minlash borasida universitet tomonidan tegishli ko‘mak ko‘rsatilishi qayd etildi.
O. Yusupov tadbirni mazmunan boy va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida uning dasturini puxta ishlab chiqish hamda amalga oshirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida 2026-yil 28-oktabr kuni “Yevropa kino festivali” doirasida O‘zDJTU talabalari uchun Britaniya Kengashi tomonidan taqdim etiladigan ingliz tilidagi qisqa metrajli filmlar namoyishini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Mikaela Zelenanska universitetning asosiy kirish qismidagi foyesi, faollar zali hamda ma’ruzalar zallari bilan tanishtirildi.
Tomonlar mazkur tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida barcha zarur sharoit va imkoniyatlar mavjudligini e’tirof etdilar.