OʻzDJTUga respublika oliy ta’lim muassasalari axborot xizmati xodimlari tashrif buyurdi
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti matbuot xizmati faoliyati Respublika miqyosida eng yaxshi yoʻlga qoʻyilgan media boʻlimi maqomiga sazovor boʻldi.
Shu munosabat bilan, 5-iyun kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalari axborot xizmatlari xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan dastur doirasida respublikamizdagi oliy oʻquv yurtlari matbuot xizmati vakillari OʻzDJTUda yoʻlga qoʻyilgan axborot xizmati faoliyatini oʻrganish maqsadida universitetga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida matbuot kotibi Otabek Ibragimov mehmonlarga universitet matbuot xizmati ofisi, unda xodimlarga yaratilgan sharoitlar, media uchun maxsus barpo etilgan video-audio studiyalarni koʻrsatib, shuningdek, xodimlarning ish faoliyati bilan ham tanishtirdi.
Universitet infratuzilmasi boʻylab tashkil etilgan turdan soʻng OʻzDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov OTMlar axborot xizmati xodimlari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida rektor bugungi kunda matbuot xizmatlariga boʻlgan e’tibor haqida alohida toʻxtalib, ularning ahamiyatini kuchaytirish va zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan foydalanishni kengaytirish lozimligi, axborot siyosatini samarali yuritishda ularning o‘rni tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi.