Senator Gulnora Ma’rufova O‘zDJTUda barpo etilayotgan yangi talabalar turar joyi qurilishi bilan tanishdi

Senator Gulnora Ma’rufova O‘zDJTUda barpo etilayotgan yangi talabalar turar joyi qurilishi bilan tanishdi

2026-yil 23-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Gulnora Mahmudovna Ma’rufova Uchtepa tumaniga amalga oshirgan tashrifi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilayotgan yangi talabalar turar joyi qurilishi bilan tanishdi.

 



Tashrif davomida senatorga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda universitetning moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Maqsudjon Saidaxmadovich Xamrayev hamrohlik qildi. M.S. Xamrayev senatorni qurilish maydonida olib borilayotgan ishlar, loyihaning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, moliyalashtirish manbalari hamda qurilish jarayonining bugungi holati bilan batafsil tanishtirdi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi 563-son qarori asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatlarga muvofiq, universitetning Uchtepa tumani, Zakovat ko‘chasi, 4-uy manzilida joylashgan hududida talabalar turar joyi binosini qurish, jihozlash va undan foydalanishni tashkil etish bo‘yicha 2024-yil 22-iyul kuni 30 yil muddatga “Binokor Shuxrat” MCHJ bilan davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangan.

Loyiha 2025-yil 5-fevral kuni DXSh/811-2025 raqami bilan davlat-xususiy sheriklik loyihalari reyestriga kiritilgan bo‘lib, shundan so‘ng qurilish ishlari boshlangan.

Barpo etilayotgan talabalar turar joyi 9 qavatli bo‘lib, 1 500 o‘ringa mo‘ljallangan. Loyihaning umumiy qiymati 81 milliard 970 million 26 ming so‘mni tashkil etadi. Shundan 46 milliard 970 million 26 ming so‘mi xususiy sherik mablag‘lari, 35 milliard so‘mi esa davlat budjetidan ajratilgan subsidiya hisobidan moliyalashtirilmoqda.

 



Hozirgi kunda binoning 8-qavati qurib bitkazilgan bo‘lib, qurilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Talabalar turar joyi binosini qurib bitkazish va foydalanishga topshirish 2026-yil yakuniga qadar rejalashtirilgan.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube