2025/2026-o‘quv yili uchun Prezident va nomli davlat stipendiyalari tanlovining respublika bosqichi boshlandi
Joriy yilning 22-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universitetida 2025/2026-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda nomli davlat stipendiyalari tanlovining respublika bosqichi doirasida muhim tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha shakllantirilgan ekspertlar guruhiga tanlov nizomi, talabgorlarning ilmiy ishlari hamda erishgan yutuqlarini baholash mezonlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Qayd etilishicha, ekspertlar guruhi respublika oliy ta’lim muassasalarining tajribali rektor va prorektorlaridan iborat bo‘lib, ular safida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Otabek Yusupov ishtirok etmoqda. Ayni paytda ekspertlar tomonidan Prezident hamda nomli davlat stipendiyalariga bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tavsiya etilgan talabgorlarning ilmiy ishlari va erishgan yutuqlari belgilangan mezonlar asosida xolisona ko‘rib chiqilmoqda.
