ARAB TILI GLOBALLASHUV DAVRIDA: INNOVATSION YONDASHUVLAR VA O‘QITISH METODIKASI
IV XALQARO ILMIY-AMALIY ANJUMAN

Bugun, 18-dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Tarjimonlik fakulteti Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tomonidan “Arab tili globallashuv davrida: innovatsion yondashuvlar va o‘qitish metodikasi” mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Anjuman doirasida O‘zDJTU asosiy binosining 1-qavatida talabalarning to‘garak ishlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Tadbirning ilmiy qismi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida ochildi. So‘ng O‘zDJTU rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ilxomjon Tuxtasinov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi.

Keyingi so‘z O‘zDJTU Tarjimonlik fakulteti dekani, pedagogika fanlari doktori, dotsent Yo‘ldoshev Ulug‘bek Ravshanbekovichga berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi Davlat buyurtmasi bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Davronbek Abdullayev o‘z tabrik nutqi bilan ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zDJTU Tarjimonlik fakulteti Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti, doktor Sayed Kuraym “Arab tilini o‘qitishda innovatsion texnologiyalar va sun’iy intellekt”,
Nabila Kandil “Sun’iy intellekt davrida arab tilining lingvistik xususiyatlari”,
doktor Salhi Rachad esa “Tarjima qilingan kitob loyihasi” mavzularida ma’ruzalar bilan qatnashdi.

Shuningdek, Daniya universiteti Arab tili akademiyasi professori, doktor Salam Dimyay tomonidan video-tabrik yo‘llandi.

Kafedra mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Qodirova Kamala Salixovna “18-dekabr — Xalqaro arab tili kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan “Arab tili haftaligi” doirasida tashkil etilgan notiqlik, xattotlik, qo‘shiqchilik, tarjima san’ati tanlovlari hamda kafedra boshchiligida faoliyat yuritayotgan 8 ta to‘garak haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbir yakunida O‘zDJTU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Yusupov Otabek Yakubovich O‘zDJTU rektori boshchiligida falastinliklarga tarjimonlik qilayotgan kafedra o‘qituvchilariga tashakkurnomalar topshirdi hamda “Arab tili haftaligi” tanlovlari g‘oliblarini sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi.

Anjumanning ikkinchi — badiiy qismida Tarjimonlik va Sharq filologiyasi fakultetlarining 1–2-bosqich talabalari tomonidan arab tilida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube