Barselona forumi doirasida O‘zDJTU va SEPIE vakili o‘rtasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi
Barselona universitetida O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumi doirasida Ispaniya Ta’limni xalqarolashtirish xizmati (SEPIE) Oliy ta’limni xalqaro targ‘ib qilish bo‘limi rahbari o‘rinbosari Fatima Terol hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov o‘rtasida muzokaralar olib borildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish, shuningdek, akademik va ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar Erasmus+ dasturi doirasida hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro grantlar va akademik mobillikni rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqot tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikr almashdilar.
Ma’lumot uchun:
Ispaniya Ta’limni xalqarolashtirish xizmati (SEPIE) — Ispaniya Universitetlar vazirligi huzuridagi rasmiy agentlik bo‘lib, u Ispaniya oliy ta’lim tizimini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va Erasmus+ dasturini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, SEPIE xorijiy hukumatlar va universitetlar uchun ispan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda rasmiy hamkor hisoblanadi.
Agentlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
— akademik hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
— Erasmus+ dasturi doirasida talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvini tashkil etish va moliyalashtirish;
— Ispaniya oliy ta’lim muassasalarining xalqaro targ‘iboti hamda forum va ko‘rgazmalardagi ishtirokini ta’minlash.
SEPIE Yevropa Oliy Ta’lim Makoni (EHEA) standartlariga mos keluvchi Ispaniya universitetlarini xalqaro maydonda bog‘lovchi muhim institut hisoblanadi.