Fransiyaga jo‘nab ketayotgan professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-yil 27-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Fransiyaning Le Havre Normandie universitetiga jo‘nab ketayotgan professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv Yevropa Ittifoqining Erasmus+ mobililik dasturi doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro loyiha doirasida tashkil etildi. Unda universitet rahbariyati va mas’ul xodimlar ishtirok etib, safar oldidan professor-o‘qituvchilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lum qilinishicha, universitetning 5 nafar professor-o‘qituvchilari 2026-yil 30-martdan 3-aprelga qadar Fransiyada bo‘lib, Le Havre Normandie universitetida o‘tkaziladigan seminar-treninglarda ishtirok etadi. Safar bilan bog‘liq barcha xarajatlar loyiha mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Uchrashuvda universitet rektori I.M. To‘xtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yo‘ldashev hamda Roman-german filologiyasi fakulteti dekani X. Hakimov ishtirok etib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladilar hamda safar davomida universitet nufuzini munosib namoyon etish muhimligini ta’kidladilar.
Safar doirasida professor-o‘qituvchilar Le Havre Normandie universiteti tegishli fakultetlari faoliyati bilan tanishadi, xorijiy hamkasblar bilan fransuz tilini o‘qitishni takomillashtirish masalalari bo‘yicha tajriba almashadi. Shuningdek, O‘zbekistonda chet tillarini o‘qitish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, universitet faoliyati hamda xalqaro reytinglardagi o‘rni haqida taqdimotlar o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, indekslangan jurnallarda maqolalar chop etish, doktorantlarga qo‘shma ilmiy rahbarlikni yo‘lga qo‘yish hamda xorijiy professor-o‘qituvchilarni universitetga jalb etish bo‘yicha takliflar ilgari surilishi qayd etildi.
Shu bilan birga, talabalarni yozgi maktablar va madaniy-ma’rifiy dasturlarda ishtirok etish uchun jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi.