Germaniyaning Frayburg oliy o‘quv yurti professori Nadya Vulffning O‘zDJTUga tashrifi bo‘lib o‘tdi
25-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Germaniyaning Frayburg pedagogika oliy o‘quv yurti professori Nadya Vulffning tashrifi doirasida uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
Dastlab mehmon universitet rektorati binosida bo‘lib, O‘zDJTU faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari hamda xalqaro hamkorlik aloqalari bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng O‘zDJTU rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar o‘rtasida Germaniyaning Frayburg pedagogika oliy o‘quv yurti bilan hamkorlikni kengaytirish, xususan, DAAD jamg‘armasining “Sharqiy hamkorlik dasturi” doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
— nemis tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish;
— xorijiy mutaxassislarni O‘zDJTUga jalb etish;
— professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
— Frayburg oliy o‘quv yurti talabalarining O‘zDJTUda amaliyot o‘tashi;
— hamkorlikda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va soha lug‘atlarini yaratish;
— nemis adabiyotini o‘zbek tiliga tarjima qilish;
— O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib etuvchi materiallar tayyorlash;
— seminar, trening, konferensiya va simpoziumlarda o‘zaro ishtirok etish;
— talabalar uchun yozgi maktablar tashkil etish kabi muhim yo‘nalishlar.

Uchrashuvda universitetning xalqaro hamkorlik va mutaxassislik yo‘nalishlariga mas’ul rahbar xodimlari ham ishtirok etib, hamkorlikni amaliy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni kengaytirish uchun muhim qadam bo‘ldi.