“Gruzin tili va madaniyati” sertifikat dasturida ishtirok etuvchi talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi

“Gruzin tili va madaniyati” sertifikat dasturida ishtirok etuvchi talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi

 

Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov “Gruzin tili va madaniyati” olti haftalik sertifikat dasturida ishtirok etish uchun Gruziyaning Tbilisi shahriga yo‘l olayotgan universitet talabalari bilan uchrashdi.

 

Uchrashuvda safar oldidan talabalar bilan suhbatlashilib, ularga dastur davomida faol ishtirok etish, xorijiy oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilish, belgilangan talablarga mas’uliyat bilan yondashish hamda safar davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti sha’nini munosib himoya qilish zarurligi ta’kidlandi.

 

Rektor Ilxomjon Tuxtasinov talabalarga safar davomida yangi bilim va tajriba orttirish, Tbilisi davlat universitetining ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishish, xorijiy talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan muloqot qilish imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi hamda ularga safarda omad tiladi.

 

Mazkur dastur Ivane Javakhishvili nomidagi Tbilisi davlat universitetidan kelib tushgan rasmiy xat asosida tashkil etilib, unda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 10 nafar talabasi ishtirok etishi rejalashtirilgan.

 

Olti haftalik sertifikat dasturi jami 80 soatni tashkil etadi.

 

Dastur doirasida:

 talabalar gruzin tili va madaniyati bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etadi;

 Tbilisi davlat universitetida an’anaviy ta’lim jarayonida qatnashadi;

 dastur yakunida yakuniy imtihon topshiradi;

 Gruziyaning madaniy-tarixiy maskanlariga tashriflar va madaniy dasturlarda ishtirok etadi.

 

Tbilisi davlat universiteti tomonidan talabalarni turar joy bilan ta’minlash, muzeylarga kirish chiptalari, mahalliy transport hamda professional gid xizmatlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash nazarda tutilgan.

 

Uchrashuv yakunida rektor talabalarga safar davomida xavfsizlik qoidalariga amal qilish, belgilangan tartib-intizomni saqlash, xorijiy oliy ta’lim muassasasining ichki qoidalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va dasturda faol ishtirok etishlarini ta’kidlab, ularga oq yo‘l va muvaffaqiyat tiladi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube