2025-yil 29-dekabr kuni Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktor o‘rinbosari Kim Shiyon, loyiha koordinatori Cha Juna, loyiha mahalliy menejerlari No Yunmi va Anvar Shomirzaev, shuningdek, amaliyotchi Pak Minjong O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga (O‘zDJTU) tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov KOICA tashkilotiga koreys tili va adabiyotini o‘qitishni takomillashtirish borasida ko‘p yillardan buyon ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak hamda amalga oshirilayotgan loyihalardagi beg‘araz hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Sharq filologiyasi fakultetiga sovg‘a tariqasida topshirilgan 10 qutidan iborat kitoblar uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Tomonlar uchrashuv chog‘ida o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, Kim Shiyon xonim bugungi kunda turli sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanilayotganini ta’kidlab, KOICA xorijiy tillarni o‘qitishda ta’lim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan sun’iy intellekt komponentlarini joriy etish, elektron platformalar va dasturiy ta’minotlar ishlab chiqishda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda KOICA mutaxassislari tomonidan ishlar boshlanganini va 2026-yil fevral oyida O‘zbekistonga tashrif rejalashtirilayotganini bildirdi.

O‘z navbatida, I. Tuxtasinov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan sun’iy intellektni iqtisodiyotning barcha sohalariga, jumladan ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganini qayd etib, KOICA bilan hamkorlikda yangi loyiha ishlab chiqish hamda O‘zDJTU negizida maxsus markaz tashkil etish taklifini ilgari surdi. Kim Shiyon xonim ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, Koreya tomoni mazkur loyihani amalga oshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube