13-may kuni soat 15:00 da O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektorati, 6-qavatida Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi Nasimi nomidagi Tilshunoslik instituti bo‘lim boshlig‘i Askerov Mayil Binett o‘g‘li ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zDJTU tomonidan rektor I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i H. Yuldashev, magistratura bo‘limi boshlig‘i N. Djusupov hamda 1-ingliz tili fakulteti kafedra mudiri A. Yuldashev ishtirok etdi.

Tadbir davomida ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni kengaytirish, Scopus va Web of Science bazalarida indekslangan nufuzli jurnallarda maqolalar chop etish, doktorantlar uchun seminarlar tashkil etish hamda ilmiy maqola yozish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qo‘shma ilmiy rahbarlik tizimini yo‘lga qo‘yish, Ozarbayjondan PhD va DSc dasturlariga doktorantlarni jalb etish, ilmiy stajirovkalarni tashkil qilish hamda hamkorlikdagi ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va ilmiy aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldilar.
