O‘zbek tili va adabiyati markazi — qardoshlik va do‘stlik ramzi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xorijiy tillar ta’limi sohasida yetakchi ilmiy-ma’rifiy maskan bo‘lish bilan birga, o‘zbek tili va milliy madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida ham izchil tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda.

 

 

Mazkur ustuvor yo‘nalishlar doirasida olib borilayotgan hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida, 2026-yil 3-fevral kuni Ozarbayjon tillar universitetida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbek tili va adabiyati markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Bahrom Ashrafxanov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon Tuxtasinov, Ozarbayjon–O‘zbekiston parlamentlararo aloqalar bo‘yicha ishchi guruh rahbari, Ozarbayjon Respublikasi Milli Majlisi deputati Eldar Ibragimov, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, akademik doira vakillari va boshqa rasmiy mehmonlar ishtirok etdilar.

Ozarbayjon tillar universiteti rektori, akademik Kamal Abdulla o‘z qutlov so‘zida mazkur markazning ochilishi universitet hayotidagi muhim va ramziy voqea ekanini ta’kidladi. U til va madaniyat markazlari davlatlar hamda xalqlar o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shuningdek, o‘tgan yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Ozarbayjon tili va madaniyati markazining ochilgani ikki tomonlama hamkorlikning yorqin va samarali namunasi ekani alohida e’tirof etildi.

Akademik Kamal Abdulla O‘zbekistonning boy tarixi va yuksak madaniy merosiga ozarbayjon xalqining chuqur hurmat va samimiy e’tibor bilan qarashini ta’kidlab, yangi ochilgan O‘zbek tili va adabiyati markazi talabalar hamda professor-o‘qituvchilarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

 

 

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon Tuxtasinov o‘z chiqishida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik xalqlarimizni asrlar davomida bog‘lab kelayotgan qardoshlik va mustahkam do‘stlik rishtalariga asoslanganini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur markaz ilmiy, madaniy, ta’limiy va siyosiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun o‘zbek tilini o‘rganish hamda O‘zbekiston madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Bahrom Ashrafxanov iliq qabul va yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbek tili va adabiyati markazi nafaqat ta’lim jarayonida, balki ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Milli Majlisi deputati Eldar Ibragimov mazkur markaz Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy, madaniy, ta’limiy va siyosiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Qayd etilishicha, ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik izchil davom etmoqda va joriy yilda Ozarbayjon tillar universitetining bir guruh talabalari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida doktorantura bosqichida tahsil olishni rejalashtirgan.

Umuman olganda, O‘zbek tili va adabiyati markazining ochilishi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim va ramziy qadamlardan biri bo‘ldi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube