O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Kengashining 10-son yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
5-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Kengashining 10-son yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga universitet rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov raislik qildi.

Yig‘ilish kun tartibidan universitet faoliyatining muhim yo‘nalishlariga oid qator masalalar o‘rin oldi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hujjatlari ijrosi hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash holati muhokama qilindi.
Shuningdek, 2026-yil III chorak uchun mustaqil izlanuvchilikka (PhD, DSc) qabul natijalari, ilmiy rahbar va maslahatchilar, kafedralar hamda dissertatsiya mavzularini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish davomida talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, universitetda faoliyat yuritayotgan xorijiy professor-o‘qituvchilar va xorijlik talabalar bilan ishlash samaradorligi, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalarning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, talabalar amaliyotini korxona va tashkilotlarda tashkil etish jarayonlari yuzasidan hisobotlar tinglandi.
“Turli masalalar” qismida professor-o‘qituvchilarga ilmiy unvonlar berish va lavozimlarga tavsiya etish, universitet xodimlarining doktorantura faoliyati bilan bog‘liq masalalar, xalqaro xizmat safari natijalari, “O‘zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy elektron jurnali va internet portali faoliyati yuzasidan hisobotlar hamda universitetning boshqa tashkiliy masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, bir qator professor-o‘qituvchilarni professor va dotsent ilmiy unvonlariga tavsiya etish hamda kafedra lavozimlariga tanlov asosida tavsiya etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunida Tarjimonlik fakulteti “Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi Ahmad Jasim Abbas Al Zubaydiga “O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti faxriy professori” unvonini berish to‘g‘risidagi masala ham ma’qullandi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.