1985-yildan buyon Fransiyada o‘tkazilib kelinayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining ilk bor Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan 43-sessiyasiga tayyorgarlik doirasida xorijdagi eng nufuzli OTMlar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Argentinada bo‘lib turgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi 21-aprel kuni Universidad Nacional Mar de Plata (UNMdP)ga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.
Tashrif ikki universitet vakillari uchrashuvi bilan boshlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda UNMdP rektori Alfredo Remo Lazzeretti tomonidan ilmiy, ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik olib borish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Dastur davomida quyidagi yo‘nalishlarda samarali hamkorlik o‘rnatishga kelishildi:
-O‘zDJTU ilmiy va ta’limiy sohada hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashi, Argentina talabalariga Markaziy Osiyo, jumladan mamlakatimiz madaniyati va tilini o‘rgatishda yordam berishi;
-Talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi orqali ikki universitet o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash;
-Qisqa muddatli kurslar va yozgi maktablar tashkil etish bilan talabalarga boshqa mamlakatlarning ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berish;
-UNMdP va O‘zDJTU oʻrtasida qo‘shma tadqiqotlar olib borilib, lingvistik tadqiqotlar, jurnalistika, barqaror rivojlanish va boshqa sohalarda xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish;
-Markaziy Osiyo va Lotin Amerika tillarining o‘xshashlik va farqlari bo‘yicha ilmiy ishlanmalar olib borish rejalashtirildi.
Shuningdek, universitetlar qoshida Argentina va O‘zbekiston madaniyatiga oid maxsus festivallar, ko‘rgazmalar va konferensiyalar tashkil etish orqali talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash kabilarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Ma’lumki, xalqaro miqyosdagi tilshunoslik, tarjima, lingvistika va xalqaro muloqotni rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha yetakchi o‘quv maskanlardan biri hisoblanadi.
UNMdP va O‘zDJTU o‘rtasida ilmiy va ta’limiy hamkorlikni rivojlantirish ikki tomon uchun manfaatli boʻladi.