Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektorining
MUROJAATI
Aziz talabalar, hurmatli ota-onalar, qadrli ustozlar!
Bugungi kunda tarbiyaga, ong va tafakkurga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar avvalgidan ancha faol bo‘lib, yoshlar hayotiga turli yo‘llar bilan kirib kelmoqda. Ayniqsa, giyohvandlik va psixofaol moddalarning kengayib borishi jamiyatimizning sog‘lom rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani hech kimga sir emas.
Shu bois mamlakatimizda yoshlarni himoya qilish masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bu borada qabul qilinayotgan hujjatlar, amalga oshirilayotgan islohotlar bir maqsadga – farzandlarimizning sog‘lom, faol va ma’naviy yetuk bo‘lib voyaga yetishiga qaratilgan.
Aziz talabalar!
Sizning bugungi qarorlaringiz ertangi hayotingizni belgilaydi. Bir lahzalik qiziqish yoki “sinab ko‘rsam nima bo‘ladi” degan yengil fikr insonni bor orzudan uzoqlashtirishi mumkin. Giyohvandlikning hech qanday oqlovga ega tomoni yo‘q – u o‘qituvchini ham, talabani ham, oilani ham ayamaydi.
Siz – O‘zDJTU nomi, ustozlaringiz ishonchi va ota-onangiz umidini yorqin kelajakka yetaklaydigan yoshlarsiz. O‘zingizni qadrlang, hayotingizni asrang, sog‘lom tanlovlaringizda qat’iy bo‘ling.
Agar atrofingizda g‘ayrioddiy holatni sezsangiz, kimningdir xatti-harakatidan xavotirga tushsangiz – indamay o‘tib ketmang. Bir ogohlik – bir insonning hayotini saqlab qolishi mumkin.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandlarga berilgan e’tibor, u bilan ochiq suhbat, ishonchli munosabat – har qanday xavfdan kuchliroq himoyadir. Ularning kayfiyatini sezish, dardini tinglash, do‘stlariga kimlar kirayotgani bilan qiziqish – oilaviy tarbiyaning eng muhim bo‘g‘inidir.
Muhtaram ustozlar!
Sizning har bir so‘zingiz, har bir maslahat va e’tiboringiz talabaning hayotiy tanlovlarida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Universitetimizda sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlarni zararli odatlardan ogoh etish borasida sizning fidoyiligingizga tayanamiz.
Qadrli jamoamiz!
Giyohvandlikka qarshi kurash – bir tashkilotning emas, butun jamiyatning vazifasidir. Biz bir maqsad yo‘lida birlashsak, ogoh bo‘lsak, indamasdan yordam qo‘lini cho‘zsak – yoshlarimizning kelajagini ishonch bilan himoya qila olamiz.
Kelajakni bugungi qarorlarimiz yaratadi. Keling, bu yo‘lda birga, mas’uliyat bilan va dadil qadam tashlaylik.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori
Ilxomjon Tuxtasinov